[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Radioaktiv izotoplar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Radioaktiv izotoplar – kimyoviy elementning beqaror, parchalanuvchi izotoplari. Radioaktiv izotoplar tabiiy (50 dan ortiq) va lab. sharoitida turli yadro reaksiyalari natijasida olinadigan sunʼiy (1000 dan ortiq) xillarga boʻlinadi. Barcha kimyoviy elementlarning radioaktiv izotoplari maʼlum. Radioaktiv izotoplar fan va texnika tadqiqotlarida, sanoat, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot va boshqa sohalarda keng qoʻllanadi (qarang Izotoplar).

Hozirgi vaqtda fanda 107 ta kimyoviy element (106- va 107-elementlar birinchi marta sobiq Ittifoqda Dubna shahrida sintez qilingan) va ularning 1100 tadan koʻproq izotopi maʼlum. Bu izotoplarning 270 ga yaqini turgʻun boʻlsa, 40 taga yaqini tabiiy radioaktivlik va 800 taga yaqini sunʼiy radioaktivlik xossasiga ega.

Radioaktiv izotoplar koʻproq sunʼiy yoʻl bilan olinadi. Bunda yadro reaktorlari va elementar zarralar tezlatkichlaridan foydalaniladi. Yadro reaktorlari kanallarida kimyoviy elementlar nurlatilib, fosfor-32§, molibden-99(Mo), texnisiy-99(Tc), oltin-l98(Au), yod-131(J), yod-125(J), stronsiy-89(Sr), va boshqa shu kabi izotoplar olinadi. Elementar zarralar tezlatkichlari (siklotron)da kobalt-57(Co), palladiy-l03(Pd), yod-l23(J), va hokazo izotoplar olinadi. Bu izotoplar asosida fan va texnika, xalq xoʻjaligi, tibbiyot tarmoqlarida ishlatiladigan radiokimyoviy birikmalar tayyorlanadi.

Har bir radioaktiv izotop faqat oʻziga xos, individual xarakterdagi nur chiqaradi va uning oʻrtacha yashash vaqti ham shu izotopgagina xos boʻladi. Radioizotoplarning atomlari ana shu xossasi bilan boshqa izotoplar atomlaridan farq qiladi, u bamisoli „nishonlangan“ boʻladi.

Hozirgi vaqtda fizik olimlar radioaktiv izotoplarni olish va ulardan hamda radioaktiv nurlanish energiyasidan fan va xalq xoʻjaligining turli sohalarida foydalanish maqsadida ilmiy va amaliy tadqiqot ishlari olib bormoqdalar. Jumladan, Oʻzbekiston olimlari ham mana bir necha oʻn yildirki, shunday tadqiqot ishlari bilan shugʻullanib kelmoqdalar. Oʻzbek (fizik, genetik, fiziolog, biolog, tibbiyot, texnik, kimyogar) olimlari amalga oshirgan va oshirib kelayotgan ishlarning baʼzilari bilan tanishib chiqsak, sunʼiy radioaktiv izotoplar va radioaktiv nurlanish energiyasidan qanday maqsadlarda va qanday usullar bilan foydalanish mumkinligi haqida tasavvur hosil qilamiz.

Radioaktiv nurlanish energiyasidan foydalanish.

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sunʼiy radioaktiv izotoplar nurlayotgan yadro energiyasining qoʻllanishi gʻoyat turli-tumandir. Sanoat tarmoqlarida radioaktiv nurlanishdan baʼzi texnologik jarayonlarni avtomatik boshqarishda (gamma- rele, beta- rele), gazning sifati va bosimini aniqlashda, konveyerdan oʻtayotgan mahsulotni sanashda, poʻlat prokatning markirovkasini avtomatik tekshirib tartibga solishda va hokazolarda keng qoʻllanadi. Masalan, respublikamizdagi Oltintopgan qoʻrgʻoshin-rux kombinatida pulpa (metallni ajratib olish yoki metall bilan boyitish uchun suv yoki suyuq erituvchilar bilan suyultirilgan mayin maydalangan ruda) zichligini radioaktiv asbob yordamida tekshirib, avtomatik tartibga solib turiladi. Bu esa konsentrat tarkibidagi mineralni koʻpaytirishga imkon beradi.

Radioaktiv nurlardan metallurgiya korxonalarida muvaffaqiyatli foydalanilmoqda. Radioaktiv nur yordamida metallning ichki tuzilishini koʻzdan kechirish, metallda kavakchalar, darzlar, pufakchalar bor-yoʻqligini, quymaning bir tekis chiqqan-chiqmaganligini, payvandlangan chokning bir tekisligini va sifatliligini aniqlash mumkin.

Kabelning ulangan joyini topadigan avtomat yaratildi. Unda qoʻllangan radioaktiv usul kabelning ulogʻida gamma-nurlarning yutilishiga asoslangan. Radioaktiv nurlanish energiyasidan farmatsevtika sanoatida dori preparatlarni, konserva ishlab chiqarishda mahsulotlarni sterillash maqsadida foydalaniladi.

Har doim ham yadro nurlanishlari taʼsiri zararli boʻlavermaydi. Bundan tibbiyotda turli kasalliklarni davolashda foydalaniladi. Masalan, inson organizmidagi zararli shishlarni terapevtik γ-nurlantirib, oʻsishi toʻxtatiladi.

Qishloq xoʻjaligida radioaktiv izotoplar vositasida oʻsimliklarning tezpisharlik, sovuqqa chidamlilik, kasalliklarga qarshi barqarorlik va shu kabi baʼzi irsiy xususiyatlariga kerakli yoʻnalishda oʻzgarish kiritish maqsadida oʻsimliklarning urugʻlari va oʻzlari nurlantiriladi. Masalan, ekish oldidan chigitni gamma-nurlar va neytronlar bilan nurlantirish chigitning unuvchanligiga, gʻoʻzaning oʻsib-rivoj-lanishiga, koʻsak tuguviga hamda chigitning seryogʻ boʻlishiga ijobiy taʼsir etishi isbotlandi.

Shuningdek, gamma-nurlar bilan taʼsir etilgan pillaning poʻsti yaxshi tortilishi sababli koʻproq xom ipak chiqishi, tortishda ipak kam uzilishi, tortilib chiqadigan ipakning umumiy va uzluksiz uzunligining oshishi, gamma-nurlar bilan nurlatilgan tut bargi bilan boqilgan ipak qurtlarining pilla oʻrashi koʻpayishi, qurtlarning yashash qobiliyati yaxshilanishi aniqlandi.