Fimoz
Fimoz (yun. phimosis — tortishish, torayish) — erlik olati (zakar) chekka kertmak qismining torayishi. Bunda olat boshchasi yetarli ochilmaydi. Tugma (baʼzi bolalarda 2—3 yoshgacha kuzatiladigan fiziologik F.) va orttirilgan F. farq qilinadi. Orttirilgan F. surunkali balanopostit kasalligi oqibatida paydo boʻladi (qarang Balanit). F. zaxm va soʻzak tufayli ham yuzaga kelishi mumkin. Asosiy belgisi: siyganda siydik yaxshi chiqib ketolmay, chekka kertmak qopchasiga toʻplanib, u shishadi, limfa tomirlari yoʻgʻonlashadi, baʼzan chovga ogʻriqli bez keladi; bemorning temperaturasi koʻtariladi, lohas boʻladi. Ogʻirroq hollarda siydik chiqarish kanali kengayib, yalligʻlanadi. F. bilan ogʻrigan bolalarda koʻpincha kechasi siyib qoʻyish, kattalarda esa jinsiy hayotning qiyinlashish hollari kuzatiladi. F. roʻy berganda darhol vrachga murojaat etish lozim. Vrachga koʻringunga qadar olatni kaliy permanganat (margansovka)ning kuchsiz eritmasi bilan chayish va vanna qilish mumkin.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |