[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Umumiy huquq (huquqiy tizim)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Dunyo davlatlarining huquq tizimlari. Umumiy huquq mamlakatlari pushti ranglar bilan koʻrsatilgan.

Umumiy huquq (inglizcha: common law) – Anglo-sakson huquq tizimi mamlakatlarida muhim ahamiyatga ega boʻlgan sud amaliyotining tarkibiy qismlaridan biri boʻlgan adolat huquqi (inglizcha: law of equity) bilan birgalikda butun Buyuk Britaniya uchun umumiy boʻlgan yagona pretsedent tizimidir.

XIII – XIV asrlarda mahallil odatlar va qirollik sudlarining amaliyoti asosida shakllangan. Sud pretsedenti umumiy huquq tizimida huquqning asosiy manbalaridan biri sifatida tan olingan.

XIII asr oʻrtalarida nufuzli huquqshunos olim va „Angliya qonunlari va urf-odatlari toʻgʻrisida“ risolaning muallifi Henry de Bractonning umumlashtirishiga koʻra, bu mamlakatning oʻziga xos xususiyati shundaki, faqat undagi rasmiy ravishda odat va yozilmagan qonunlardan foydalanishga ruxsat berilgan[1].

Shakllanish tarixi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Umumiy huquq deganda qonunlar yoki ijro hokimiyatining qonunosti hujjatlari bilan emas, balki sudlar va sud organlari qarorlari asosida ishlab chiqilgan qonunlar tizimi ham, huquq tizimining bir turi ham tushuniladi.

Umumiy huquq sudyalarning oʻzlari tomonidan muayyan ishlar boʻyicha qarorlarda yaratiladi va belgilanadi. Qaror koʻrib chiqilayotgan aniq ish boʻyicha qabul qilinadi va bu qaror kelgusida boshqa shunga oʻxshash ishlarga nisbatan qoʻllanadi. Qonunda aniq taʼriflar boʻlmagan taqdirda, sudyalar pretsedent oʻrnatish orqali huquq normasini yaratish vakolatiga va majburiyatiga ega. Pretsedentlar jamlanmasi „umumiy huquq“ deb ataladi va kelajakdagi qarorlarni unga bogʻlaydi. Keyinchalik, agar ishdagi taraflar qonun nuqtai nazariga rozi boʻlmasalar, ish sud tomonidan xuddi shunday ish boʻyicha oldingi pretsedentdan foydalangan holda koʻrib chiqiladi. Agar oʻtmishda shunga oʻxshash nizo hal qilingan boʻlsa, sud oldingi qarorlarda qoʻllangan asoslarga amal qilishi kerak (bu prinsip pretsedentlarning majburiy kuchi sifatida tanilgan – inglizcha: stare decisis). Biroq, sud koʻrilayotgan ishning mohiyati avvalgi barcha ishlardan tubdan farq qilishini aniqlasa, u ishni birinchi marta koʻrilayotgan deb hisoblaydi. Shundan soʻng, yangi qaror presedentga aylanadi va u pretsedentlarning majburiy kuchi printsipiga muvofiq kelajakdagi ishlarni bogʻlaydi.

Amalda umumiy huquq tizimi yuqorida tavsiflangan ideal tizimga qaraganda ancha murakkab. Sud qarorlari faqat maʼlum bir yurisdiksiyada majburiydir va hatto maʼlum bir yurisdiktsiya doirasida ham baʼzi sudlar boshqalarga qaraganda koʻproq vakolatga ega. Masalan, koʻpchilik yurisdiksiyalarda apellyatsiya instansiyasi sudlarining qarorlari bir yurisdiksiyadagi quyi turuvchi sudlar va shu apellyatsiya sudining keyingi qarorlari uchun majburiy boʻlsa, apellyatsiya instantsiyasi boʻlmagan sudlarning qarorlari esa majburiy emas. Umumiy va konstitutsiyaviy huquqning oʻzaro taʼsiri, huquq va qoidalarni belgilash ham katta qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Biroq, pretsedentlarning majburiy kuchi —shunga oʻxshash ishlarni normalarning boʻysunishiga muvofiq hal qilish tamoyili —barcha umumiy huquq tizimlarining markazida yotadi.

Atamaning kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

XII – XIII asrlarda umumiy huquq atamasi (lotincha: jus commune) Rim-kanon huquqiga tegishli tushuncha boʻlgan va uning mahalliy urf-odatlaridan (lotincha: lex terrae) farqli ravishda butun xristian olamida qoʻllanadigan qismini bildiradi[2]. Kanon huquqidan bu atama shu davrda yaratilgan va ushbu atama kabi butun oʻrta asrlar Angliyasi uchun umumiy boʻlgan qirol sudlari tizimiga oʻtdi; ushbu sudlar mahalliy feodal sudlari – graflik sudlari bilan birgalikda mavjud edi.

Angliya qiroli Henry II Curtmantle oʻz qirolligining turli qismlaridagi sud ishlarini koʻrish uchun yutsitsiariylarini yubora boshladi. Dastlab, bu sayohatchi sudyalar qirollik assizalariga (dastlab, 1166-yildagi Klarendon assizasi, keyin 1176-yilgi Nortgempton assizasi) tayangan, unga koʻra guvohlar yoki qoʻshnilar soʻroq qilingan, koʻpincha 12 kishidan iborat boʻlib, keyinchalik ulardan hakamlar hayʼati shakllantirilgan. XII asr oxirida qirollik sudlarining ish tajribasi ingliz umumiy huquqiga oid risolalar shaklida umumlashtirila boshlandi. Ulardan birinchilari Ranulf de Glanvillning „Angliya qirolligi qonunlari va odatlari toʻgʻrisida traktat“ asari va Kenterberiy arxiyepiskopi Hubert Walterningmuallifligiga tegishli deb sanalarigan „Gʻaznachining suhbati“ (inglizcha: The Dialogue of the Exchequer) kitobi hisoblanadi[2].

Umumiy huquq tamoyillari Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada (Kvebekdan tashqari), Avstraliya[3], Yangi Zelandiya, Irlandiya va sobiq Britaniya imperiyasining boshqa mamlakatlari, masalan: Hindiston[4], Pokiston[5], Gonkong, Singapur, Bangladesh, Malayziya, Janubiy Afrika, Zimbabve, Kamerun, Namibiya, Botsvana, Gana va boshqalarda amal qiladi (yuqoridagi rasmda).

Oʻziga xos xususiyatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Statut huquqidan farqi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buyuk Britaniyaning huquqiy taʼsiri kuzatilgan mamlakatlarda (Millatlar Hamdoʻstligi aʼzolari, AQSH) huquqning aksariyat sohalarida qonunlar qonun chiqaruvchi organ tomonidan qabul qilinadi, ularga qoʻshimcha ravishda hukumat va boshqa ijro etuvchi organlar qarorlari mavjud. Umumiy yoki pretsedent huquqi esa sudlar (yoki kvazisud tribunallari) tomonidan qabul qilingan qarorlar majmuidir. Ushbu tushunchani ham ikki guruhga boʻlish mumkin:

  • sof umumiy huquqdan kelib chiqadigan, muayyan qonunda belgilanmagan huquqlar; masalan, XX asrgacha jinoyat va protsessual huquqning aksariyat qismi qonun bilan belgilanmagan, hatto bugungi kunda ham fuqarolik va delikt huquqining katta qismi faqat sud qarorlarida yashaydi;
  • statutlarda, farmoyishlarda va konstitutsiyalarda belgilangan taʼriflar va normalar.

Adolat huquqidan farqi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1873-yilgacha Angliyada ikkita parallel sud tizimi mavjud edi: umumiy huquq sudlari va adolat sudlari. Bu boʻlinish koʻplab Britaniya mustamlakalariga (shu jumladan sobiqlariga), shu jumladan Qoʻshma Shtatlarga ham tarqaldi. Adolat huquqi normalari 1875-yilgacha Kansler sudi qarorlaridan shakllangan.

1873-1875-yillarda Buyuk Britaniyada oʻtkazilgan keng koʻlamli sud-huquq islohoti natijasida sud hokimiyati toʻgʻrisidagi qonun bilan umumiy huquq va adolat huquqi yagona tizimga birlashtirildi, ammo ular oʻrtasidagi jiddiy farqlar hali ham saqlanib qolmoqda. Ushbu qonunga koʻra, tenglik huquqi normalari, agar ular umumiy huquqqa zid boʻlsa, umumiy huquqdan ustunlikka ega boʻladi.

Kontinental huquq tizimlaridan farqi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Anglo-sakson umumiy huquqi Romano-german tipidagi huquq tizimlaridan kodifikatsiyalanmaganligi bilan farq qiladi. Umumiy huquq tizimlari parlament tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlari bilan teng darajada huquqning muhim manbai hisoblanadigan sud qarorlariga katta ahamiyat beradilar. Shu bilan birga, Romano-German huquqi doirasida sud pretsedentiga nisbatan kamroq, yozma huquqqa esa nisbatan koʻproq ahamiyat beriladi. Masalan, Napoleon kodeksi fransuz sudyasiga sud pretsedentini belgilashni toʻgʻridan toʻgʻri taqiqlaydi.

  1. Графский В.Г.. Всеобщая история права и государства. Москва: НОРМА, 2001 — 283-bet. 
  2. 2,0 2,1 Берман 1998.
  3. „The Common Law in the World: the Australian Experience“. W3.uniroma1.it. 2011-yil 27-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 30-may.
  4. K. G. Balakrishnan. „An Overview of the Indian Justice Delivery Mechanism“ (23–24-mart 2008-yil). — „India, being a common law country, derives most of its modern judicial framework from the British legal system.“. 2012-yil 2-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 1-avgust 2012-yil.
  5. „Federation of Pakistan v. Bhatti, "in a common law jurisdiction such as ours"“ (PDF). 2014-yil 6-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 22-fevral.