[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Qofiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qofiya (arabcha: ergashish, izidan borish) — sheʼriy misralarning muayyan oʻrnida ohangdosh soʻz yoki soʻz birikmalarining izchil takrorlanib kelishi. Qofiya sheʼrning mazmuni, janri, shakli va kompozitsiyasida muhim oʻrin egallaydi. Qofiya hosil qiluvchi soʻzlarning ohangdoshligi oʻzak bilan oʻzak yoki qoʻshimcha bilan qoʻshimcha oʻrtasidagi uygʻunlik tufayli yuzaga keladi.

Qofiya sheʼr ritmi va musiqiyligini taʼminlaydi. U ritmiklik va ohangdoshlikdan tashqari, yana bir nechta vazifani bajaradi. Ana shu vazifalardan biri qofiyaning sheʼr gʻoyaviy mazmuni bilan bogʻliqligidir. Shu bois u sheʼr mazmunini goʻzal va taʼsirchan ifodalashga xizmat qiladi. Qofiyada odatda sheʼr gʻoyasini tashuvchi soʻzlarni misraning sheʼrxon diqqatini oʻziga tortadigan oʻrniga (koʻpincha oxiriga) joylashtirish taqozo etiladi. Shu bilan birga qofiya badiiy takt vazifasini ham bajaradi. Badiiy takt esa sheʼr gʻoyasining taʼsirchan va jozibali ifodalanishiga koʻmak beradi. Qofiyaning yana bir vazifasi sheʼr qurilishida kompozitsion uyushtiruvchilikdan iborat, chunki u misralarni uygʻunlik, ohangdorlik bilan bir-biriga ulaydi, bogʻlaydi, bayt yoki band kabi sheʼriy birliklarni tashkil etadi. Qofiyaning vazifalaridan yana biri shundaki, u sheʼr intonatsiyasini (ohangdorligini) yuzaga keltiradi. Sheʼrning poetik mazmuni, undagi soʻzlar ohangdorligi, ritmi, vazni, band tuzilishi bilan uzviy bogʻliqlikda oʻzining intonatsion vazifasini bajaradi. Qofiya ritmik vazifa ham bajaradi. Bunday qofiyalar sheʼrda radif boʻlmagan hollarda misralar soʻngi (chegarasi)ni taʼkidlab, izchil ritmik qatorlarni tashkil etishda yetakchi vazifani ado etadi.

Turkiy xalqlar ogʻzaki ijodida qofiyaning oddiy soʻz takroridan tortib mukammal mustaqil turlarigacha boʻlgan shakllari uchraydi. Umuman, oʻzbek ogʻzaki va yozma adabiyotida qofiyaning vujudga kelishida sajʼ muhim oʻrin tutadi. Bunga turkiy xalqlarning koʻplab ogʻzaki ijod turlarida, urxun-yenisey yodnomalarida, 11-asrda Mahmud Koshgʻariy tomonidan yaratilgan "Devonu lugʻotit turk" asarida uchrovchi sheʼriy parchalardagi qofiyalar misol boʻla oladi.

Arablar istilosidan keyin turkiy xalqlar sheʼriyatiga ham aruz sheʼriy tizimi kirib keladi. 9–10-asrlarda esa arab, fors va boshqa xalqlar sheʼriyatida mumtoz qofiya nazariyasi yaratiladi. Bu nazariya monorim (fransuzcha: topopte — yagona qofiya) qofiya yoki tovushlar uygʻunligiga asoslanadi. Ushbu nazariyaga koʻra, qofiya yagona tovush (harf) takroriga asoslanadi va bu harf raviy (arabcha: qofiyadagi undosh tovush) deb ataladi. Raviy soʻz oʻzagi, yasama soʻzlarda negiz oxiridagi undosh, choʻziq unli, baʼzan esa qisqa unlilarning aynan takrorlanishi tufayli yuzaga keladi. Masalan, „gul-bul-bul“ soʻzlaridagi „l“, „tortar-ortar“ soʻzlaridagi oxirgi „r“, „vafo-jafo“ soʻzlaridagi „o“, „bahona-zamona“ soʻzlaridagi oxirgi „a“ tovush-harflari raviy hisoblanadi. Mazkur nazariya talablariga koʻra, raviysiz qofiya vujudga kelmaydi.

Mumtoz qofiya nazariyasida qofiyalanuvchi soʻzlar tarkibiga qarab raviydan oldin va raviydan keyin 4 tadan qofiya unsuri ishtirok etishi mumkin. Raviydan oddin keluvchi unsurlar: qayd — raviydan oldin kelgan harakatsiz undosh tovush („balandqand“ soʻzlaridagi „n“ tovushi); ridf — undosh raviydan oldin kelgan choʻziq unli („sha-har-sahar“ soʻzlarida „r“ raviydan oldingi „a“ unlisi); taʼsis — raviydan oldin kelgan bir harakatli undoshdan ilgari keluvchi choʻziq unli („homil-qotil“ soʻzlaridagi „o“ tovushi); daxil — raviy bilan taʼsis orasida keluvchi harakatli undosh („zoyil-qoyil“ soʻzlaridagi „y“ undoshi). Raviydan keyin keluvchi qofiya unsurlari ham 4 ta: vasl — raviyga vositali yoki vositasiz tirkalgan tovushlar („ulfatim-suhbatim“ soʻzlaridagi „m“ undoshi va „bulogʻi-qulogʻi“ soʻzlaridagi „i“ unlisi); xuruj — vasldan soʻng takrorlanuvchi harakatsiz undosh yoki choʻziq unli; mazid — xurujdan keyin keluvchi undosh yoki choʻziq unli; noira —maziddan soʻng kelgan undosh va choʻziq unlilar.

20-asr boshlaridan oʻzbek sheʼriyatida barmoq tizimi yetakchilik qila boshladi. Natijada qofiya tarkibini nozik hamda asosli tahlil qilishga imkon beruvchi mumtoz qofiya nazariyasiga murojaat etish asta-sekin kamaydi. Bu holat qofiya haqida yangi — polirifma nazariyasini keltirib chiqardi. Ushbu nazariyaga koʻra, qofiya tirgak tovushga asoslanadi. Tirgak tovush esa raviy singari injiq emas. Qofiyalanuvchi soʻzlar tarkibidagi talaffuz usuli va oʻrni jihatdan bir-biriga yaqin barcha tovushlar tirgak tovush boʻla oladi. Polirifma nazariyasiga koʻra, qofiyaning toʻliq (toʻq), notoʻliq (och), sodda, murakkab, ochiq, yopiq, taxminiy kabi shakllari mavjud.

Qofiyalanuvchi soʻzlarning uygʻunligi, miqdori, mazmuni, oʻrni va fonetik tarkibiga qarab, qofiyaning zulqofiyatayn (qoʻsh qofiyalilik), tarseʼli (baytning har 2 misrasidagi barcha soʻzlarning oʻzaro ohangdosh, vazndosh boʻlib kelishi), tasviriy, kinoyaviy, kontrast, metaforik, tajnisln kabi turlari farqlanadi va ularning har biri oʻzbek sheʼriyatida ham muhim evfonik, semantik vazifa bajaradi. Sheʼriy misraning boshlanishi yoki oʻrtasida, oxirida kelishiga qarab esa qofiyaning anaforik, ichki va epiforik turlari farqlanadi.

Umuman, qofiya odatda sheʼriy misralar oxirida kelib, ularni ohangdoshlik, uygʻunlik va mazmuniy yaxlitlik asosida birlashtiradi. Bugungi kunda oʻzbek sheʼriyatida sarbast tizimining ham koʻproq mavqe egallab borayotganligi bu xildagi poetik asarlarda qofiyaning tutgan oʻrni, tabiati va gʻoyaviy-badiiy vazifalarini alohida oʻrganishni taqozo etmoqda.

  • Izzat Sulton, Adabiyot nazariyasi, T., 1939 (soʻnggi nashri — 2005);
  • Samoylov D.S., Kniga o russkoy rifme, M., 1973;
  • Adabiyot nazariyasi [2 j.li], 2-j., T., 1979.