Mirzo Muhammad Haydar
Muhammad Haydar Dugʻlot | |
---|---|
Kashmirdagi Boburiylar vakili | |
Mansab davri 1540 – 1551 | |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1499 Toshkent |
Vafoti |
1551 Kashmir |
Onasi | Xub Nigorxonim |
Otasi | Muhammad Husayin koʻragon |
Dini | Islom |
Mirzo Muhammad Haydar (Muhammad Haydar Dugʻlot; 1499, Toshkent — 1551, Kashmir) — tarixchi, davlat arbobi. Muhammad Husayn koʻragonning oʻgʻli, onasi Xub Nigorxonim Yunusxonning kichik qizi, Boburning onasi — Qutlugʻ Nigorxonimning singlisi edi.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]1508—1509-yillarda Shayboniyxon buyrugʻi bilan otasi qatl qilingach, yosh Muhammad Haydarning hayoti xavf ostida qoladi. Muhammad Husaynning ishonchli kishilaridan biri Mavlono Muhammad koʻp qiyinchiliklar bilan Muhammad Haydarni Buxorodan Badaxshonga olib qochadi. 1509-yil Qobulga — Bobur saroyiga olib keladi. Bobur unga yuksak ehtirom koʻrsatadi. Mirzo Haydarning yozishicha, Bobur unga ota oʻrnida otalik qiladi. 3 yildan soʻng Mirzo Haydar Andijonga — Sulton Saʼidxon huzuriga ketadi va xonning oxirgi kunigacha u bilan birga boʻladi. 1514-yil Qashqarda Sulton Saʼidxon hokimiyati oʻrnatilgach, Mirzo Haydar u bilan birga Qashqarga keladi. Xon barcha qoʻshin salohiyati va saltanat ishlarini unga ishonib topshirib, cheklanmagan huquqqa noyil qiladi, shuningdek, Sulton Saʼidxonning oʻgʻli — valiaxd Abdurashidning tarbiyasini ham unga topshiradi. Sulton Saʼidxon davrida Mirzo Haydar Badaxshon, Kofiriston, Tibet, Lodak va boshqa koʻpgina harbiy ekspeditsiyalarga rahbarlik qiladi. 1533-yilda Sulton Saʼidxon vafot etgach, taxtga uning oʻgʻli Abdurashid oʻtiradi. Ammo, Dugʻlotlar xonadonida vujudga kelgan qarama-qarshiliklar Muhammad Haydarni mamlakatni tashlab ketishga majbur qidali. Muhammad Haydar avval Badaxshonda sargardonlikda yurib, soʻngra Lohurga — Boburning oʻgʻli Komron Mirzo huzuriga boradi. 1539—1540-yillarda Muhammad Haydar Agrada Humoyunga qoʻshiladi. 1541-yilda Qashqar zabt etilgach, Muhammad Haydar boburiylar nomidan Qashqarda hukmronlik qiladi. Haqiqatda esa oʻz-oʻziga mustaqil hukmron edi. Togʻ qabilalari bilan boʻlgan toʻqnashuvda Muhammad Haydar halok boʻlgan.
Ijodlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muhammad Haydar mashhur "Tarixi Rashidiy" nomli asar va "Jahonnoma" nomli geografiyaga oid turkiy sheʼriy risola muallifi. "Tarixi Rashidiy" Sharqiy Turkiston, Qozogʻiston va Oʻrta Osiyoning 15—16 asr 1-yarmidagi tarixiga oid qimmatli manbadir. Muhammad Haydar bu asarini Kashmirda, bir necha yil mobaynida yozgan. Asar 2 qism — "daftarlar" (kitoblar)dan iborat. 1qismda Moʻgʻuliston va Qashqarda hukmronlik qilgan chigʻatoiylar tarixi — Tugʻluq Temur davridan Abdurashidxon (Rashidxon) davrigacha izchil bayon etilgan boʻlib, u 1546-yil, yaʼni 2-qismdan keyin yozilgan. 2-qism 1541—42 yillarda tugatilgan, u hajm jihatdan 1-qismdan toʻrt marta katta boʻlib, muallifning xotiralaridan iborat. Bu asar "Boburnoma" kabi memuar adabiyotning yorqin namunasi hisoblanadi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Mirzo Muhammad Xaydar, Tarixi Rashidi (Vvedeniye, per. s pers. A.Urunbayeva, R.P.Djalilovoy, L.M.Yepifanovoy), T., 1996.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Muhammad Haydar Dugʻlotiy (1499–1551-yillar) (Wayback Machine saytida 2014-01-22 sanasida arxivlangan)
- Muhammad Haydar Dugʻlotiy (Wayback Machine saytida 2013-10-21 sanasida arxivlangan)
- Dugʻlotiy va uning zamoni (Wayback Machine saytida 2013-10-22 sanasida arxivlangan)
- Muhammad Haydar Dugʻlotiy (Wayback Machine saytida 2013-08-30 sanasida arxivlangan)
- Muhammad Haydar Dugʻlotiy (Wayback Machine saytida 2013-10-21 sanasida arxivlangan)
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |