[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Boburnoma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Boburnomadan illyustratsiya
Boburnomadan illyustratsiya

Boburnoma — jahon adabiyoti va manbashunosligidagi muhim va noyob yodgorlik; oʻzbek adabiyotida dastlabki nasriy memuar va tarixiy-ilmiy asar. Muallifi Zahiriddin Muhammad Bobur. Eski oʻzbek (chigʻatoy) tilida yozilgan (taxminan 1518/1519—1530). „Boburiya“, „Voqeoti Bobur“, „Voqeanoma“, „Tuzuki Boburiy“, „Tabaqoti Boburiy“, „Tavorixi Boburiy“ kabi nomlar bilan ham maʼlum. Boburning oʻzi esa „Vaqoye“ va „Tarix“ degan nomlarni ishlatgan. Boburnomada 1494—1529-yillarda Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va Hindistonda sodir boʻlgan tarixiy-siyosiy voqealar yilma-yil oʻta aniqlik bilan bayon qilingan boʻlib, ular muallif hayoti va siyosiy faoliyati bilan bevosita bogʻliqdir.

„Boburnoma“ oʻzida bayon qilingan voqealar jarayoniga koʻra 3 qismga: Boburning Movarounnahr (1494—1504), Afgʻoniston (1504—1524) va Hindiston (1524— 1530)dagi hukmdorlik davriga boʻlinadi. Birinchi qismda Boburning otasi — temuriylarning Fargʻona ulusi hokimi Umarshayx Mirzo (1461—1494) xususida hamda Boburning Fargʻona taxtiga oʻtirishi (1494-yil iyun), ammo Temuriylar davlatida avj olgan taxt uchun kurash oqibatida oʻz ulusidan mahrum boʻlishi (15-asr 90- yillari), Samarqand uchun Shayboniyxonga qarshi olib borgan jangu jadallari (1497— 1501)ning behuda ketishi va nihoyat, toju taxtdan butunlay ajrab, Hisor togʻlari orqali taxminan 250 navkar bilan Afgʻonistonga yuz tutishi (1504) haqidagi voqealar batafsil zikr qilingan. Ikkinchi qismda Boburning Kobulni zabt etgani, soʻng u yerda mustaqil davlat tuzgani (1508), Eron shohi Ismoil Safaviyning harbiy yordami bilan Samarqandni yana ishgʻol qilgani (1511), lekin shayboniylar (Ubaydulla Sulton, Muhammad Temur Sulton va Jonibek Sulton)dan yengilib (1512), Kobulga qaytgani, keyin esa Hindistonni zabt etishga hozirlik koʻra boshlagani xususidagi voqealar bayon etilgan. Uchinchi qism esa Boburning Dehli sultoni Ibrohim Loʻdiyni magʻlub etib (qarang Panipat janglari), Shim. Hindistonni bosib olgani (1526) va Boburiylar davlatini barpo qilgani haqidagi maʼlumotlardan iborat.

„Boburnoma“da keltirilgan barcha maʼlumotlar, xususan Fargʻona, Toshkent, Samarqand, Hisor, Chagʻoniyon va Shim. Afgʻonistonning 15-asr 80—90- yillari va 16-asr 1choragidagi siyosiy ahvoliga doir xabarlar oʻzining batafsilligi bilan shu xususdagi boshqa adabiyotlardan tubdan farq qiladi. Shuningdek, asar muallifning muayyan tarixiy voqea haqida hamda oʻzaro dushmanlik qilgan temuriylar — Umarshayx, Sulton Ahmad, Sulton Mahmud, Boysungʻur Mirzo, Sulton Husayn va boshqalarning xulq-atvori, tabiati xususida bildirgan fikr-mulohazalari bilan ham ahamiyatlidir. Asarda, ijtimoiy-tabiiy fanlar, tarix, falsafa, fiqh, din taʼlimoti, tilshunoslik, jugʻrofiya, tabiatshunoslik, maʼdanshunoslik, dehqonchilik, bogʻdorchilik va boshqalarga oid aniq va hanuzgacha oʻz tarixiy va ilmiy ahamiyatini yoʻqotmagan maʼlumotlar, ilmiy asoslangan xulosalar keltirilgan. Asarda bevosita Boburning oʻzi lashkarboshi sifatida qatnashgan bir necha katta-kichik jang manzaralari mahorat bilan berilgan. Oʻsha davrdagi qoʻshin tuzilishi, urush olib borish, jang usullari, qamal holatlari, qurol-yarogʻ turlari, qurgʻonbuzar qurilmalar bilan bir qatorda asarda koʻplab harbiy maʼmuriy istilohlar (tuman, ulus, koʻkaltosh, eshikogʻa, axtachi, tarxon, shigʻovul, sharbatchi (sharbatdor), mubashshir, tugʻchi, miroxur, rikobdor, dorugʻa, murchil, manjaniq, oʻron va boshqalar) ham uchraydi. Shuningdek, „Boburnoma“da temuriylar qoʻshinining tuzilishi, harbiy sanʼati va boshqa haqida ham noyob maʼlumotlar bor. Bundan tashqari, Movarounnahr, Afgʻoniston, Xuroson va Hindiston oʻtmishi va zamonaviy holati, xalqlari, qabilalari, ularning tili, madaniyati, kasb-hunari, urf-odatlari, rasm-rusumlari, anʼanaviy tadbir-marosimlari, shuningdek oʻsha davr jamiyatiga xos ijtimoiy tabaqalarga tegishli maʼlumotlar bayon etiladi. Ayniqsa Fargʻona, Andijon, Samarqand, Kobul, Hirot, Agra kabi yirik shahar, viloyatlarning jugʻrofiy-maʼmuriy tuzilishi, madaniy hayoti, tumanlari, aholisi, qishloq xoʻjaligi, daryo va suv havzalari, choʻl-adirlari, togʻ, sahrolari, bogʻu -rogʻlari, tabiati, iqlimi, hayvonot va oʻsimliklar dunyosi, tabiiy boyliklari haqida mufassal maʼlumotlar beriladi. Xususan 15-16-asrlarda Turkiston viloyatida yashagan qora qoʻyluk (qoʻyunluk) qabilasining hamda Movarounnahrdagi turk-moʻgʻul qabilalarining urf-odatlari, harbiy mahoratlari haqidagi maʼlumotlar, ayniqsa ilmiy jihatdan gʻoyatda qimmatli boʻlib, ular oʻzbek, qozoq, qirgʻiy, turkiy zabon xalqlar etnik tarixini oʻrganuvchilar uchun muhim ahamiyatga egadir. „Boburnoma“ da Fargʻona, Samarqand shaharlari va shu nomdagi viloyatlar, Ohangaron vodiysi, Oʻratepa va uning atrofi, Mascho, Hisor, Chagʻoniyon, Badaxshon, Kobul viloyati va boshqa joylar geografik jihatdan gʻoyatda qiziqarli tavsif qilingan boʻlib, muallif oʻzi yurgan yoʻllar, oʻzi boʻlgan shahar va qishloqlarni gʻoyat darajada aniq tasvirlagan.

„Boburnoma“da Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Shayxim Suhayliy, Husayn Ali Tufayliy, Osafiy, Binoiy, Sayfiy Buxoriy, Ohiy, Muhammad Solih kabi oʻnlab ijodkorlar, Xoja Abdullo Marvariy, Qul Muhammad Udiy, Shayx Noyiy, Yusuf Ali, Mullo Yorak, Shohquli Gʻijjakiy, Husayn Udiy, Behzod, Shoh Muzaffar kabi koʻplab sanʼatkorlar tavsif etilib, ularning ijodiy faoliyatlariga xolis baho beriladi. Jumladan, Alisher Navoiy haqida shunday deyiladi: „Alisherbek naziri yoʻq kishi edi. Turkiy til bila to sheʼr aytibturlar,— hech kim oncha koʻp va xoʻb aytqon emas“.

„Boburnoma“ 15-asr oʻzbek badiiy nasrining yorqin namunasi sifatida sof badiiy lavhalar, jonli tasvirlar, anʼanaviy lirik chekinishlarga boy. Nasriy matn ichida keltirilgan xalq maqol, matallari, iboralari, ibratli oʻgitlar, sheʼriy parchalar uning badiiyligini yanada oshiradi, oʻziga xos joziba bagʻishlaydi.

„Boburnoma“ 16-asrdan boshlab hozirgacha dunyoning koʻp tillari — ingliz, golland, fransuz, fors, nemis, italyan, rus, hind, urdu va boshqa tillariga bir necha martalab tarjima qilindi, sharh-izohlar bilan nashr etildi. Angliya, Amerika, Fransiya, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Afgʻoniston, Turkiya, Yaponiya kabi oʻnlab mamlakat olimlarining ilmiy tadqiqotlarida „Boburnoma“ning insoniyat yaratgan oʻlmas obidalar qatorida alohida oʻrinda turishi taʼkidlanadi. „Boburnoma“ning jahonga mashhur boʻlishida, asosan ingliz sharqshunoslarining xizmati katta boʻldi. Yevropadagina emas, balki jahonda birinchi toʻliq nashrini (ingliz tilida) 1826-yilda J. Leyden va V. Erskin amalga oshirdi. F. Talbot esa mazkur nashr asosida 2-marta (1878, 1909) uning qisqartirilgan nashrlarini chop ettirdi. 1921-yilda ingliz sharqshunosi A. Beverij „Boburnoma“ni mustaqil suratda asl nusxadan qayta tarjima qildi. Birgina Angliyaning oʻzida „Boburnoma“ tarjimalari toʻqqiz marta nashr etildi.

Keyingi yillarda „Boburnoma“ning professor V.Takston tomonidan AQShda (Kembrij shahri, Garvard universiteti, 1993) hamda ikki jild hajmda, mukammal soʻzlik, koʻrsatkich va sharhizohlar bilan Yaponiyada (Kioto, 1995—96) ilmiytanqidiy matni nashr etildi.

Maʼlumki, „Boburnoma“ qoʻlyozmalari matnida baʼzi yillar (1504—05, 1509—18, 1520—24) tafsiloti uchramaydi, 1508 va 1520-yil voqealari bayoni tugal emas. Mana shu uzilish boʻlgan oʻrinlarni ingliz sharqshunoslari boshqa tarixiy manbalar asosida maʼlum darajada tiklaganlar. „Boburnoma“ forschaga (1586), undan parchalar Vitsen tomonidan golland tiliga (1705), A. Keyzer tomonidan qisqartirilgan holda nemis tiliga (1828), Pave de Kurteyl tomonidan toʻla holda fransuz tiliga (1871) tarjima qilingan. „Boburnoma“ni tarjima qilish va tadqiq etishda, shuningdek Afgʻoniston (Abdulxay habibiy), Pokiston (Rashid Axtar Nadviy, Shoh Olam Mavliyot), Hindiston (Mirzo Nasriddin Haydar, Muhibbul Hasan Rizviy), Turkiya (R. R. Arat va N. I. Bayur) kabi mamlakatlar olimlarining xizmati ham katta. Rus sharqshunoslari (N. I. Pantusov, S. I. Polyakov, V. Vyatkin) ham „Boburnoma“ dan parchalarni tarjima qilganlar. N. I. Ilminskiy „Boburnoma“ni Qozonda nashr ettirdi (1857).

„Boburnoma“ni hamda Boburning sheʼriy merosini oʻrganishda oʻzbekistonlik olimlar ham salmoqli hissa qoʻshdilar. Prof. Fitrat tomonidan tuzilgan „Oʻzbek adabiyoti namunalari“ xrestomatiyasida „Boburnoma“dan parchalar, Boburning 31 gʻazali, 2 masnaviy va 28 ruboiysi berilgan. M. Salye „Boburnoma“ni rus tiliga toʻla tarjima qilib, 3-marta (1958, 1982, 1993) nashr ettirdi (S. Azimjonovaning kirish soʻzi va tahriri ostida). P. Shamsiyev va S. Mirzayevlar tomonidan „Boburnoma“ning ikki jildli (1948) va bir jildli (1960) nashri chop etildi. 1956—66 yillarda Boburning uch jildli tanlangan asarlari chop etilib, unga Boburning sheʼriy devoni (1jild) va „Boburnoma“ (2—3jildlar) kirgan. Bobur va uning ilmiy merosini oʻrganishga S. Azimjonova katta ulush qoʻshgan. „Boburnoma“ning M. Salye tomonidan qilingan tarjimalari uning batafsil soʻz boshisi va tahriri ostida nashr etil ga n.

  • Abdurashid Abdugʻafurov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Azimjonova S, Gosudarstvo Babura v Kabule i v Indii, M., 1977;
  • Oʻzbek adabiyoti tarixi, 3j., T., 1978;
  • Axmedov B, Istorikogeograficheskaya literatura Sredney Azii XVI—XVIII vv. (Pismennie pamyatniki), T., 1985;
  • Boburnoma, T., 1960;
  • Le Livre de Babur, Parij, 1985;
  • Baburname, T., 1993.