[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Lotereya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
1776-yilgi Lotereya chiptasi

Lotereya (ital. lotteria, frans tilida lot — qurʼa) — davlat yoki tashkilotlar tomonidan maxsus biletlar (L. biletlari) sotish orqali aholidan ixtiyoriy pul mablagʻlari yigʻish shakli. Yigʻilgan mablagʻlarning bir qismi pul yoki buyum yutuklari tarzida oʻyinga sarflanadi. Lotereyaning, asosan, quyidagi turlari mavjud:

  • Tirajli L. — tartib raqamlari (seriya va razryadlarga boʻlingan) qoʻyilgan L. biletlari chiqariladi. Bir L. bileti qiymati, oʻyinni oʻtkazish vaqti, pul, buyum va boshqa yutuklar miqdori L. chiqarilguniga qadar belgilanadi.
  • Bir lahzali L. (allergi) — L. oʻyini bilet sotib olingan zahoti oʻtkaziladi, yutuqli biletlar ularni aniqlashni istisno qiluvchi yopiq holda chiqariladi. Yutuqli oʻyin bileti sotib olinganidan soʻng himoya qatlamini oʻchirish, biletning bir qismini kesish va boshqa bilan darhol aniqlanadi.

L. birinchi marta 1466-yil 24-fevralda Bryugge shahrida (Germaniya) kambagʻallarga yordam uyushtirish uchun mablagʻ yigʻish maqsadida oʻtkazilgan. SSSRda, shu jumladan, Oʻzbekistonda aholi mablagʻlarini madaniy-maʼrifiy va boshqa tadbirlarga jalb etish maqsadlarida 20-asrning 20-yillari boshidan dastlab mahalliy davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan L. oʻyinlari tashkil etilgan. 1926-yildan turli koʻngilli tashkilotlar (Osoaviaxim, Qizil Krest va Qizil Yarim Oy va boshqalar) L.lari keng tarqadi. 1958-yildan ittifoqdosh respublikalarda davlat L.lari (pul-buyum, sport, badiiy, DOSAAF va boshqalar) chiqarildi va ulardan olingan daromadlar shu respublikalar byudjetiga oʻtkazildi.

Hozirgi davrda koʻpgina xorijiy mamlakatlarda L.ni munitsipalitetlar, xayriya jamgʻarmalari oʻtkazadi. Oʻzbekistonda 1991-yildan keyin, asosan, tirajli va lahzali L.lar chiqarila boshlandi. "Sovgʻa" (1995), "Mustaqillik" (1996) davlat pul-buyum L.lari, xayriya jamgʻarmalari, jamiyatlar ("Navroʻz", "Amir Temur", "Bobur", "Mehr-shafqat va salomatlik", "Nuroniy", "Mahalla", "Kamolot", "Oltin meros" va boshqalar) hamda turli tashkilotlar tomonidan turli xil L.lar chiqarildi. L.lar mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, tarixiy obidalarni saqlash, taʼmirlash, yangi ish oʻrinlarini tashkil qilish, sportni rivojlantirish, xayriya, kam taʼminlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilish va boshqa tadbirlarni amalga oshirish maqsadlarida oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi da L.ni chiqarish Oʻzbekiston Respublikasining "Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida"gi qonuni (2000-yil 25-may), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Pul-buyum lotereyalari oʻtkazishni tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi (2002-yil 15-noyabr) qarori bilan tartibga solinadi. Mintaqaviy L. oʻyinlarini oʻtkazish boʻyicha viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzurida xoʻjalik hisobidagi ixtisoslashtirilgan tuzilmalar tashkil etilgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil