[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Qalqon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qalqon, sipar — 1) jangchining tanasini tigʻli qurollar (qilich, nayza va boshqalar) zarbidan himoya qiluvchi moslama. Tosh davridan boshlab 17-asrgacha amaliyotda qoʻllangan. Eng qadimgi Q.lar yogʻoch, toʻqilgan chiviq, qoʻgʻa, teri, keyinchalik esa jez va temirdan yasalgan. Q. shakli va kattakichikligi turli xalklarda turlicha (yumaloq, uchburchak, toʻrtburchak, tuxumsimon, yarim silindrik va boshqalar) boʻlgan. Miloddan avvalgi 3-ming yillikda Mesopotamiyada usti mis plastinkalar bilan qoplangan yogʻoch Q.lar qoʻllangan. Jezdan qilingan birinchi Q. miloddan avvalgi 2-ming yillikda Ossuriyada vujudga kelgan. Koʻpincha, Q.lar turli rasm, ramz, gerb va boshqalar tasviri bilan bezatilgan. Mas, Urartu podsholarining Q.lari turli manzarali tasvirlar va mixxat bilan qoplangan. Yunonistonda yogʻochdan (baʼzan temirdan) ishlangan dumaloq Q.larda jangchilarning ramzlari (delfin, sher va boshqalar) tasvirlangan. Oʻrta Osiyo xalqlarida ham Q. qadimdan qoʻllanilib kelgan. Atama ilk bor 11 —12-asrlar qoraxoniylar davri eski turkiy til obidalarida Q. va qalqang fonetik shakllarida qayd etiladi. Pahlavonlar, sarkardalar Q.i qimmatbaho toshlar bilan ziynatlangan. Amir Temur va Temuriylar davrida odam boʻyiga mos keluvchi Q.lar mavjud boʻlgan, ular tura deb nomlangan. Ular kattakichikligi, turli shakldaligi bilan ajralib turgan. Q. 16—17-asrlarda oʻtsochar qurollarning takomillashuvi bilan oʻz ahamiyatini yoʻqotgan. Hozirda dunyoning koʻp mamlakatlarda politsiyachilarning himoya quroli; 2) koʻchma maʼnoda — ofat, balo, koʻngilsiz hodisalar va boshqalardan saklovchi vosita; toʻsiq, gʻov.