[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Nefrotik sindrom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Nefrotik sindrom, nefrozproteinuriya, gipoproteinemiya (asosan, gipoalbuminemiya) - shish, giper-lipemiya va gipovolemiya bilan taʼriflanadigan simptomlar majmui. Nefrotik sindrom buyrakning birlamchi (glomerulonefrit, buyrak amiloidozi, homiladorlik nefropatiyasi, kollagenli nefro-patiya) va ikkilamchi (qandli diabet, qon kasalliklari, xavfli oʻsmalar, allergiya, zaxm va boshqalar) kasalliklarida yuzaga keladi. Bu sindrom asosida organizm immun reaktivligining buzilishi yotadi, bunda buyrak koptokcha to-mirchalari devori shikastlanadi, natijada oqsil yoʻqotiladi, uning qon zardobidagi miqdori kamayadi, bu, oʻz navbatida, qon plazmasi onkotik bosimini kamaytiradi, pirovardida suyuqlik qondan toʻqimalarga oʻtadi va shish paydo boʻladi.

Nefrotik sindrom alohida yoki gematuriya va gipertoniya bilan birga uchrashi mumkin. Shu bilan birga toʻliq va toʻliq boʻlmagan (shishsiz), sekin-asta (bir necha oy) va retsidiv koʻrinishida kechadigan, "gormon sezgir" va "gormon rezistent" Nefrotik sindrom turlari tafovut qilinadi. Nefrotik sindromning tugʻma turi ham mavjud. Kasallik auto-som-retsissiv yoʻl bilan oʻtadi, tez rivojlanadi va koʻp hollarda buyrak yetishmovchiligi rivojlanishi natijasida oʻlim bilan tugaydi.

Nefrotik sindromni davolash uni keltirib chiqargan sabablari va turiga karab belgilanadi. Nefrotik sindrom oʻz vaqgida aniqlanib, toʻgʻri davolanmasa surunkali buyrak yetishmovchiligi paydo boʻlishi mumkin.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil