[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Milan (shahar)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Milan – Italiyaning shimoliy qismidagi shahar, Padana tekisligining markazida joylashgan. Lombardiya viloyati va Milan provinsiyasining maʼmuriy markazi. Mamlakatning yirik iqtisodiy va madaniy markazi. Aholisining soni jihatidan (2001-yilda 1,8 mln. kishi) Rim shahridan keyin 2-oʻrinda. Transport yoʻllarining yirik tuguni. Kema qatnaydigan kanallar orqali Po daryosi bilan bogʻlangan. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega.

Milan – mamlakatning muhim sanoat, ilmiy va madaniy markazi. Iqtisodiy faol aholining yarmidan koʻprogʻi sanoatda ishlaydi. Sanoatining yetakchi tarmogʻi – mashinasozlik (motorsozlik, avtomobilsozlik, samolyotsozlik, traktorsozlik va boshqalar) va metallurgiya. Neftni qayta ishlash, kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoatlari ham rivojlangan. Toʻqimachilik, koʻn-poyabzal, poligrafiya korxonalari bor. Italiyaning yirik nashriyotchilik markazi. Geografik jurnallar, xarita, atlas, yillik toʻplam va hokazolarni nashr qiladigan mashhur „Turing klub Italyano“ shu shahardan joy olgan. Milanda bir qancha oliy oʻquv yurtlari, jumladan universitet, texnika instituti, katolik, savdo universitetlari, konservatoriya, Nafis sanʼat akademiyasi va boshqa ilmiy muassasa, kutubxonalar, „La Skala“ opera teatri va boshqa teatrlar, muzeylar, rasmlar galereyasi bor. Meʼmoriy yodgorliklar juda koʻp: cherkov va soborlar (katta cherkovlar), jamoat binolari saqlangan. Savdo universiteti, Milan koʻrgazma zali kabi zamonaviy binolar qurilgan.

Milanga miloddan avvalgi 4-asrda asos solingan. Miloddan avvalgi 196-yildan Rim tarkibida (lotincha nomi Mediolanum). 11—12-asrlarda hunarmandchilik va savdo markazi boʻlgan. 1535-yilda Ispaniyaga qoʻshib olingan. 1802-yildan Italiya Respublikasining, 1805-yildan Italiya qirolligining poytaxti. 1815—1859-yillarda Avstriya tarkibida boʻlgan. 1861-yilda Italiya qirolligiga qoʻshilgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil