[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Maqom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Maqom

Tushunchasi va tarixiy kelib chiqishi

Maqom (arab tilida — joy, makon, o‘rin) — musulmon Sharqi musiqasidagi asosiy tushunchalardan biri hisoblanadi. Dastlab bu tushuncha torli cholg‘u asbobida muayyan balandlikdagi tovushni hosil etish uchun bosiladigan joy yoki pardani anglatgan. Vaqt o‘tishi bilan Sharq musiqa nazariyasining rivojlanishi jarayonida maqomning ma’nosi kengayib, muayyan lad tuzilmasi, tizimi, shakl, janr, musiqiy yo‘nalishlar va ijro uslublarini o‘z ichiga oluvchi tushunchaga aylangan. Musulmon Sharqi mumtoz musiqa nazariyasining yetuk namoyandalari Abu Yusuf al-Kindiy, Forobiy, Ibn Sino, Ibn Zayla, Safiuddin al-Urmaviy, Mahmud ash-Sheroziy, Abdulqodir Marog‘iy va boshqa olimlar maqomning musiqiy va estetik jihatlarini chuqur o‘rganib, nazariy izohlarini taqdim etganlar.

Maqom tizimi va rivojlanishi

Maqomlar soni va tizimi Yaqin va O‘rta Sharq mumtoz musiqasida 13-asrgacha aniq belgilanmagan edi. Safiuddin al-Urmaviy maqomlarning ilmiy tasnifini ishlab chiqib, “O‘n ikki maqom tizimi”ni yaratdi. Bu tizim 17-asrgacha qo‘llanib kelingan bo‘lib, uning asosida turli mintaqalarda milliy va mahalliy maqom turlari va uslublari shakllangan. Bugungi kunda oʻzbek va tojiklar "maqom", turkman va uyg‘urlar "muqom", eronliklar va ozarbayjonlar "dastgoh", turklar "makam", arab xalqlari "maqam" deb ataydi.

Sharqda maqom san’ati

Sharq xalqlarining maqom san’ati va ijro uslublari asrlar davomida xalqchil, milliy mahalliy an’analar ta’sirida boyib borgan. O‘zbek mumtoz musiqasida Buxoro Shashmaqomi, Xorazm maqomlari, Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llari, surnay, dutor maqom yo‘llari shakllanib, bugungi kungacha yetib kelgan. Maqom cholg‘u va ashula yo‘llari milliy musiqa merosining salmoqli qismini tashkil etib, bastakorlar ijodiyoti uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilgan.

Maqom san’atining zamonaviy rivoji

20-asr boshlaridan o‘zbek bastakorlari maqom uslublaridan samarali foydalanib, milliy ohang va ladlarni zamonaviy musiqiy janrlarda namoyon etishgan. Hoji Abdulaziz, Sodirxon hofiz, Yu. Rajabiy, F. Sodiqov kabi ijodkorlarning kuy va ashulalari, shuningdek, V. Uspenskiyning "Farhod va Shirin", R. Glier va T. Sodiqovning "Layli va Majnun" musiqali dramasi, M. Ashrafiyning "Dilorom" operasi kabi asarlar maqom asosida yaratilgan. Maqom san’ati badiiy-estetik jihatdan tiklanib, zamonaviy musiqa jarayonida muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.

Maqom ilmiy-tadqiqiy va ta’limiy ishlari

Maqom san’ati masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab ilmiy-ijodiy anjumanlar va simpoziumlar, jumladan, Samarqandda (1978, 1983, 1987, 2001), Berlinda (1988), Finlyandiyada (1996) va Istanbulda (1999) xalqaro musiqashunoslik simpoziumlari o‘tkazilgan. Maqom san’ati bo‘yicha ilmiy nazariy va amaliy bilimlar mamlakatning boshlang‘ich, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida o‘qitilib, malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. 1987-yildan boshlab, UNESCO qoshidagi An’anaviy musiqa xalqaro uyushmasining “Maqam” ilmiy guruhi faoliyat ko‘rsatmoqda.

O'zbek milliy maqom san'ati markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PQ-3391-son qarori bilan tashkil etilgan. Markaz maqom san'ati, uning o‘rganilishi va rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, yosh avlodni maqom musiqasiga jalb qilish va uni o‘rgatish hamda xalqaro miqyosda o‘zbek maqom san’atining nufuzi va ahamiyatini oshirish maqsadida faoliyat ko‘rsatadi. 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qarori asosida, markazning hududiy bo‘limlari tashkil etildi, bu esa maqom san'atining rivojlanishini yanada kengaytirish va barcha hududlarda milliy musiqaning qadimiy va zamonaviy shakllarini o‘rgatish imkonini yaratdi.

Xalqaro maqom san'ati anjumani

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalqaro maqom san'ati anjumani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PQ-3391-son qarori asosida har yili ikki marotaba o‘tkaziladi. Bu anjuman maqom san'ati, uning tarixiy va zamonaviy shakllarini muhokama qilish, xalqaro miqyosda ilmiy almashinuvlarni amalga oshirish hamda maqom san'ati bo‘yicha yirik tadqiqotlar olib borish uchun muhim mexanizm hisoblanadi.

Birinchi Xalqaro maqom san'ati anjumani 2018-yil 6-10-sentyabrda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida yuqori badiiy saviyada o‘tkazildi. Ushbu anjumanda 73 mamlakatdan 300 nafarga yaqin taniqli musiqashunos olimlar, mutaxassislar va ijrochilar ishtirok etdilar. Ikkinchi Xalqaro maqom san'ati anjumani 2024-yilning 27-30-iyun kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanida YUNESKO va AYSESKO tashkilotlari shafeligi ostida o‘tkazildi. Ushbu anjumanda 80 dan ortiq davlatlardan 400 nafardan ko‘proq ishtirokchi qatnashdi. Anjumanlar davomida maqom san’ati ijro uslublari, o‘quv metodikalari va maqom musiqasining xalqaro miqyosda rivojlanish istiqbollari muhokama qilinadi. Maqom anjumanida, shuningdek, xalqaro tanlov ham o‘tkaziladi, unda ishtirokchilar maqom san’ati ijro etish bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etadilar.


I.Rajabov, Maqomlar masalasiga doyr, 1963; O.Ibrohimov, Maqom va makon, 1996 Ravshan Yunusov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil