[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Lev Trotskiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

TROTSKIY (Bronshteyn) Lev Davidovich (1879.26.10, Xerson gubernyasi, Yanovka qishlogʻi — 1940.21.8, Mexikoning Koyoakana chorbogʻi) — siyosat va davlat arbobi. 1896-yildan sotsial-demokratik harakatda. 1904-yildan bolsheviklar va mensheviklar fraksiyalarini birlashtirish uchun kurashdi. 1905-yil "permanent" (uzluksiz) inqilob nazariyasini ishlab chiqdi. T.ning fikricha, Rossiya proletariati burjua inqilobini amalga oshirgach, inqilobning sotsialistik bosqichini boshlaydi, bu inqilob jahon proletariatining yordami bilangina gʻalaba qozonadi. RSDRPning eng radikal qanotiga mansub boʻlgan. 1908—12 yillarda "Pravda" gaz. muxarriri. 1917-yil Petrograd harbiy inqilobiy komiteti raisi sifatida Oktyabr toʻntarishinn amalga oshirishning asosiy tashabbuskori va rahbarlaridan biri. RSFSR tashqi ishlar xalq komissari (1917. 25.10—1918.22.2). Qizil armiyaning asoschilaridan, Fuqarolar urushining koʻp frontlarida bu armiyaning xarakatlariga shaxsan rahbarlik qilgan, repressiyalarni keng qoʻllagan. 1917—27 yillarda MK aʼzosi. 1917 i. oktabr va 1919—26 yillarda MK Siyosiy Byurosi aʼzosi. Yetakchi boʻlish uchun Iosif Stalin bilan kechgan keskin kurash T.ning magʻlubiyati bilan tugagan (1924-yil). T.ning qarashlari (trotskizm) RKP(b)dagi "mayda burjuacha ogʻish" deb eʼlon kilingan. 1927-yil T. 75 nafar faol tarafdori (L. B. Kamenev, G. Ye. Zinovyev va boshqalar) bilan birga partiyadan oʻchirilgan, Olmaotaga surgun qilingan, 1929-yil chet elga chikarib yuborilgan. Turkiya (1929—32), Fransiya (193335) Norvegiya (193537), Meksika (1937—40)da yashagan. I.V. Stalinga qarshi gʻoyaviy kurash olib borib, uni Oktyabr gʻoyalarining xoini deb atagan. 1938-yil 4-Internatsional tuzish tashabbusi bilan chiqqan. Asosiy asarlari: "Yangi yoʻl" (1924), "Lenin haqida" (1924), "Oktyabr saboqlari" (1924), "Rus inqilobi tarixi" (1931—33), "Permanent inqilob" (1928—29), "Adabiyot va inqilob" (1923), "Mening xayotim" (1930), "Stalin" (1940) va boshqalar. NKVD agenti R. Merkoder (ispan) tomonidan oʻldirilgan. T. Turkistonni sovetlashtirishga alohida eʼtibor qaratgan shoʻro arboblaridan edi. U Fargʻona viloyatiga kelgach (1922-yil 10 iyun), istiqlolchilarga qarshi boshlangan qizil armiyaning jang harakatlarini shaxsan boshqarib, qoʻrboshilarga qarshi shafqatsiz jazo choralarini qoʻllatgan. T.ning buyrugʻi bilan istiqlolchilarni tormor etish uchun Qurolli kuchlar Oliy bosh qoʻmondoni S. S. Kamenev Fargʻona vodiysi va Buxoroga (1921—23-yil), S. M. Budyonniy Andijonga (1922-yil avgust) yuborilgan. T.ning Turkistondan soʻng Afgʻoniston orqali Hindistonni bosib olish va Sharqda ommaviy inqilob uyushtirish gʻoyasi bor edi.

  • Arxiv Trotskogo [Kommunisticheskaya oppozitsiya v SSSR (19231927)], t. 14, M., 1980; Doycher I., Trotskiy v izgnanii, M., 1991; Vasetskiy N. A., Trotskiy. Opit politicheskoy biografii, M., 1992.