[go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Globus

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Globus

Globus (lotincha: globusshar, kurra) — Yer sharining modeli, uning kichik masshtabdagi sharsimon nusxasi. Globusda Yerning geometrik konturlari va maydonlar nisbatini saqlagan holda butun yer yuzasidagi geografik obʼyektlar (quruqlik va suv havzalari, tog, tekislik va b.) qiyofasi muayyan nisbatda juda kichraytirilgan holda tasvirlanadi. Globusda geografik haritalarda yoʻl qoʻyiladigan yoʻnalish, maydon va shakl xatoliklari boʻlmaydi. Globuslar foydalanish maqsadlariga koʻra birbiridan farq qiladi: oʻquv Globuslari, ilmiy ishlarga moʻljallangan Globuslar, transport qatnovi uchun amaliy maqsadlarda foydalaniladigan Globuslar. Masshtabi maqsadga koʻra tanlanadi. Oʻquv Globuslari, odatda, 1:83 000 000, 1:50 000 000, 1:40 000 000, 1:30 000 000 masshtabda tayyorlanadi. Shu bilan birga ulkan Globuslar ham yasalgan. Hoz. vaqtda Sankt-Peterburg sh.da saqlanadigan Globus masshtabi 1:4 000 000, Toshkentda OʻzMU geogr. fakultetidagi Globus masshtabi 1:7 000 000.

Yer yuzasi tasvirlangani geografik globus, Oy yuzasi tasvirlangan Oy globusi, osmon sferasi tasvirlangan osmon Globusi deb ataladi. Haritagrafik mazmuniga koʻra ham Globuslar har xil boʻlishi mumkin. Eng keng tarqalgani tabiiy geografik Globuslardir.

Globus yasash tarixi uzoq oʻtmishdan boshlangan. Qadimda sanokligina olimlarning olam haqidagi ilmiy tugʻri tasavvurlari dastlabki Globuslarda uz aksini topgan. Dastlabki ibtidoiy Globusni mil. av. 2-asrda yunonistonlik Krates yasagan va u Oʻrta asr Globuslaridan ancha farq qilgan.

Sharqda dastlabki ilmiy Globusni Xorazmda Abu Rayhon Beruniy 1016-yilda yasagan (P. G. Bulgakov uni 995 yilda yasalgan deb yozgan), u faqat Shim. yarim shardan iborat eng birinchi boʻrtma (relyefli) Globus boʻlib, aholi yashaydigan joylar aniq kursatilgan. Globusning diametri qariyb 5 m boʻlganligi maʼlum (masshtabi 1:2 500 000). Beruniy oʻzi yasagan Globus haqida "Geodeziya" asarida yozib qoldirgan. 13-asrda Misrda ham Globus ishlangan. 1492-yil Nyurnbergda nemis geografi va sayyohi Martin Bexaym (1459—1507) diametri 0,54 m li Globus ("Yer olmasi")ni yasagan. Unda Yangi Dunyoni kashf kilinishi arafasidagi Yer yuzasi haqidagi tasavvurlar aks etgan. Bexaym bu Globusni yasashda asosan Ptolemey maʼlumotlariga asoslangan dunyo haritasidan foydalangan. Toshkentdagi katta Globus Toshkent universiteti buyurtmasi bilan 1979—84 yillarda Perm davlat universiteti laboratoriyasida yasalgan (diametri 196 sm, ogʻirligi 490 kg , yuzasi 13 m2 ga yaqin, oʻquv maqsadlarida foydalaniladi). Bu Globus ni buyurtirish va olib kelish tashabbuskori geogr. fanlari doktori, prof. H. H. Hasanov boʻlgan. Masshtabi ikki xil: gorizontal masshtabi 1:7 000 000, vertikal masshtabi 1:2 000 000. Yer yuzasidagi baland-pastliklar Yerning kattaligiga nisbatan juda kichik boʻlganligi sababli 2 xil masshtab qabul qilingan. Bunday qilinmasa Globusda Yer yuzasi relyefi shakllari koʻrinmay qoladi. Yer yuzasi shakllari boʻrtma usulda, landshaftlar ranglar bilan tasvirlangan. Landshaftlarga rang tanlashda Yerning koinotdan olingan suratlari ranglaridan foydalanilgan.

15-asrda Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek qurdirgan rasadxonada ham kattagina Globus boʻlgan. Unda iqlimlarning chegaralari, togʻlar, choʻllar, dengizlar va daryolar koʻrsatilgan. Binobarin, dunyodagi ikkinchi Globusni Samarkand astronomlari yasashgan. Ulugʻbekning oʻlimidan keyin u mutaassiblar tomonidan yoʻqotilgan. Samarqanddagi Oʻzbekiston xalqlari tarixi va madaniyati muzeyida katta noyob bir Globus saqlanadi. Mukammal ishlangan bu Globusni 1895-yil xoʻjandlik maʼrifatchi Hoji Yusuf Mirfayoz oʻgʻli musavvir va olimlar bilan hamjihatlikda yasagan. Globusning balandligi uni koʻtarib turgan tagligi bilan birga 117 sm, shar aylanasi 160 sm, masshtabi 1:2 500 000. Globus gradus toʻrlariga boʻlingan. Meridian va parallellar kora rang , tropik chiziqlari va qutb doiralari kizil rang bilan chizilgan. Nolinchi meridian Grinvichdan emas, Afrikaning gʻarbidagi Yashil burun o.laridan oʻtkazilgan. Bu Abu Rayhon Beruniy Globussidagi boshlangʻich meridianga toʻgʻri keladi. Globusga kariyb mingta nom yozilgan. Globusga belbogʻ tarzida 12 burj doirasi oʻrnatilgan. Har bir burj doirasi ichida burjni anglatuvchi rasmlar — sher, qoʻy, qisqichbaqa, chayon, baliq, qoʻchqor, hoʻkiz va b. tasvirlangan. Bu Turkiston oʻlkasi mahalliy olimlari yaratgan va ilmiy jihatdan oʻz davri uchun eng mukammal Globus dir.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil