Gerbitsidlar
Gerbitsidlar (lot. herba - oʻt, oʻsimlik va caedo — oʻldiraman) — begona oʻtlarni yoʻqotishda qoʻllanadigan kimyoviy moddalar. Qishloq xo'jaligida dala, bogʻ va tokzorlar, oʻtloqlardagi, yoʻl yoqalaridagi begona oʻtlarga qarshi qoʻllanadi. Gerbitsidlarning bir necha xil preparat koʻrinishlari mavjud: suvda eriydigan kukunlar (dalapon va b.), suv bilan aralashib suspenziya hosil qiluvchi kukunlar (paxton, kotoran, kotofor, prometrin, gezagard, atrazin, agelon va b.), suv bilan aralashib emulsiya hosil qiluvchi emulsiyalanuvchi konsentratlar (treflan, dual, banol va b.), toʻldirgich hamda taʼsir qiluvchi moddalardan tashkil topgan granula (donador preparat)lar (granulali dalapon va b.).
Gerbitsidlarning taʼsir qilish xususiyatiga koʻra yoppasiga va tanlab taʼsir etuvchi preparatlar guruhlariga boʻlinadi. Yoppasiga taʼsir qiluvchi gerbitsidlar danbarcha turdagi oʻsimliklarga (aerodromlarda, yuqori voltli liniyalar oʻtgan joylarda va b.), tanlab taʼsir etuvchilardan esa dala ekinlari, bogʻlar, oʻrmonzorlardagi begona oʻtlarga qarshi foydalaniladi. Bu moddalarning bu guruhlari oʻrtasida qatʼiy chegara qoʻyib boʻlmaydi, chunki koʻpgina preparatlar kam miqdorda ishlatilganda tanlab taʼsir etuvchi boʻlsa, yuqori miqdorlarda yoppasiga taʼsir etishi mumkin. Ularning tanlab taʼsir qilishi ekinlar va begona oʻtlar turiga, oʻsish va ularning rivojlanish fazalari hamda tuproq iqlim sharoitlariga ham bogʻliq. Tanlab taʼsir etuvchi gerbitsidlarni ekishdan oldin, ekish davrida, ekin yoki begona oʻtlar unib chiqqunga qadar yoki unib chiqqandan soʻng qoʻllash mumkin. Masalan, treflan yoki prometrin, odatda, ekishdan oldin, boronalashga qadar dalalarda bir yillik begona oʻtlarga qarshi sepiladi. Bunda gerbitsidlarning tanlash xususiyati tuproq turiga, yogʻingarchilik miqdoriga hamda preparatning tuproqda saqlanish muddatlariga bogʻliq. Ekish davrida bu moddalar (masalan, dalapon, kotoran, daxlor, dual, kotofor yoki prometrin paxta dalalaridagi bir yillik oʻtlar, atrazin yoki agelon esa makkajoʻxori dalalaridagi begona oʻtlarga qarshi) ekish agregatiga oʻrnatilgan maxsus moslamalar bilan solinadi. Ekin unib chiqqunga qadar ham yuqoridagi gerbitsidlarning birontasidan foydalanish mumkin. Bunday hollarda ularning tanlash xususiyati urugʻning tuproqda joylashishiga, chuqurligiga, uning unib chiqish tezligi (quvvati)ga va preparatning tuproqqa saqlanish muddatiga bogʻliq. Taʼsir qilish usuliga koʻra: sirtdan (oʻsimlik toʻqimalariga tekkan qisminigina nobud qiladigan; masalan, mineral moylar, nitrafen, DNOK. va b.) va singib taʼsir qiluvchi (oʻsimlik tanasiga shimilib, singib uning tomir va toʻqimalari orqali harakatlanib, umumiy zaharlanishga olib keladigan kimyoviy moddalar; masalan, atrazin, agelon va b.) gerbitsidlar mavjud. Singib taʼsir qiluvchi gerbitsidlar va kuchi sirtdan taʼsir koʻrsatuvchi gerbitsidlar nikiga nisbatan sustroq. Ularning taʼsiri juda sekin namoyon boʻlib, sarflanadigan eritma hajmiga, tomchilar oʻlchamiga, purkashning qay darajada tekis chiqishiga bogʻliq. Singib taʼsir qiluvchi gerbitsidlar ildizi juda chuqur oʻsadigan koʻp yillik begona oʻtlarga qarshi yaxshi samara beradi.
Gerbitsidlar 3 usulda: yoppasiga, lenta shaklida va uyalab sepiladi. Preparat yoppasiga butun maydonga (treflan yoki prometrinni ekishdan avval, dalapon esa kuzgi shudgordan soʻng) bir tekisda purkaladi. Ekish davrida (bunda lenta kengligi 25—30 sm; kotoran, prometrin, kotofor, agelon, dual, stomp, atrazin va b.) va ekin unib chiqqandan soʻng (bunda himoya zonasi qator markazidan boshlab ikki tomonga 12—15 sm dan; kotoran, prometrin) lenta usulidan foydalaniladi. Begona oʻtlar dalaning turli joylarida har xil darajada uchrasa, ularga qarshi gerbitsidlar (masalan, koʻp yillik begona oʻtlardan ajriq va gʻumayga qarshi dalapon) uyalab purkaladi. Baʼzilarini yangi yerlarni oʻzlashtirishda yovvoyi buta oʻsimliklarni yoʻqotishda arboritsid, oʻsimlik ildizlarini quritadigan desikant (takrizol, dinitrol, pentaxlor va b.), oʻsimlik barglarini toʻkishda defoliant (endotal va b.) va oʻsish ingibitorlari (IFK, dinitroortokrezol va b.) sifatida ishlatish mumkin; ayrimlari kam miqdorda qoʻllanilganda oʻsish stimulyatorlari kabi taʼsir koʻrsatadi (2,4-D, 2,4-DM va b.).
Hozirgi davrda gerbitsidlik xususiyatiga ega boʻlgan 1000 dan ortiq birikmalar maʼlum. Ulardan 150 dan koʻprogʻi begona oʻtlarga qarshi kurashda ishlatiladi. Birinchi marta Germaniyada 1934 yilda kimyoviy oʻtoq maqsadlarida organik birikmalardan dinitroortokrezoldan foydalanilgan. Keyinchalik 2,4-D, 2M-4X preparatlaridan foydalanila boshlandi. Gerbitsidlarni notoʻgʻri qoʻllash (yuqori dozalar, ishlov berish muddatlarini buzish va b.) tuproq va suv havzalarining ifloslanishiga, oʻsimliklar va hayvonlarning halok boʻlishiga, biogeotsenozda Oʻzbekistonda gʻoʻza-gʻalla-beda almashlab ekishda qoʻllanuvchi gerbitsidlarning sarf normalari va muddatlari makkajoʻxori, bedadagi biologik aloqadorlikning buzilishiga sabab boʻlishi mumkin. Koʻpgina mamlakatlarda, shu jumladan Oʻzbekistonda ularni ishlatish qonun bilan tartibga solinadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Komilova R., Rahimov A., Gerbitsidlarning oʻsimliklarga taʼsiri, T., 1972; Lozovatskaya M.A., Ximicheskiye meri borbi s sornoy rastitelnostyu v posevax xlopchatnika, T., 1979; Bezuglov V. G., Primeneniye gerbitsidov v intensivnom zemledelii, M., 1981; Komilova R., Gerbitsidlar va gʻoʻzaning yangi navlari, T., 1982; Boshokli don ekinzorlaridagi begona oʻtlarga qarshi banvel gerbitsidini qullash boʻiicha tavsiyanoma. T., 20001. Murodjon Rashidov, Abdumannop Yoʻldoshev, Temur Hasanov.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |