[go: up one dir, main page]

Aqida (arab.) – dindorlar uchun majburiy hisoblangan, shak keltirmasdan, muhokama yuritmasdan eʼtiqod qilinishi lozim boʻlgan diniy talablar.

Islom aqidalarining asosi Qur’onda berilgan, hadislardagi koʻrsatmalar negizida ishlab chiqilib, tartibga solingan.

Islomning sunniylik va shialik yoʻnalishi ilohiyotida eʼtirof etiladigan aqidalar yoki imon talablari

Sunniylik 7 ta:

  1. Allohning yagonaligiga
  2. Farishtalarga borligiga
  3. Muqaddas bitiklarga
  4. Paygʻambarlarga
  5. Oxiratga
  6. Taqdirga
  7. Inson qazo qilganidan soʻng qayta tirilishiga ishonish

Shialik yoʻnalishi ilohiyotida 5 aqida tan olinadi:

  1. Tavhid (Allohning yagonaligi),
  2. Nubuvvat (paygʻambar) ga ishonish,
  3. Adl (ilohiy taqdirning adolatligiga ishonish),
  4. Maod (oxiratga ishonish)

Xristianlikda aqidalar birinchi marta 2-jahon sobori tomonidan qabul qilingan va u eʼtiqod timsoli deb atalgan. U xudoning muqaddas uchlikda (Ota, Oʻgʻil va Muqaddas ruhda) namoyon boʻlishi, Isoning xaloskorlik missiyasi, uning tirilib osmonga koʻtarilib ketishi va oxiratda yana qaytib tushishi, jami 12 asosiy aqidadan iborat. Keyinchalik jahon soborlari eʼtiqod timsolini Isoning ham ilohiy, ham insoniy tabiatga egaligi, ikonaga sigʻinish shartligi haqidagi aqidalar bilan boyitgan. Xristian cherkovi boʻlinib ketgandan keyin har bir konfessiya, diniy oqim oʻz taʼlimotiga boshqa xristian cherkovlar eʼtirof qilmagan aqidalarni kiritgan.

Katolitsizm aʼrof haqidagi, Muqaddas ruh faqat Ota-xudodan emas, balki Oʻgʻil-xudodan ham paydo boʻlgani, Bibi Maryamning ilohiy tarzda Isoga homilador boʻlgani va uning jismi osmonga koʻtarilib ketgani, Rim papasining eʼtiqod va axloq ishlarida begunohligi borasidagi aqidani qabul etdi. Protestantizm esa ruhoniylik unvonini berish, muqaddas zaytun moyi surtish va boshqa aqidalarni tan olmay, har bir dindorning oʻz eʼtiqodi bilan gunohdan xalos boʻlishi toʻgʻrisidagi aqidani rasm qildi.

Pravoslaviye cherkovi yangi aqidalar kiritishni rad etib, ilgarigi aqidalar mazmunini talqin etish yoʻlidan bordi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil